«Biz Oyga uchishni tanlaymiz»: Jon Kennedi qiyin maqsad bilan mamlakatni qanday safarbar qilgan?

1962-yil 12-sentabrda AQSh Prezidenti Jon Kennedi Xyustondagi stadionda o‘n minglab tinglovchi oldida AQSh o‘n yil ichida odamni Oyga yuborishini aytgan. O‘sha paytda AQSh koinotga odam uchirishda ortda edi, kerakli raketa esa hali yasalmagan edi. Yetti yildan keyin bu maqsadga erishildi. Qiyin maqsad odamlarni qanday qilib bir yo‘lga birlashtiradi?

Jon Kennedi Rays universiteti stadionida AQSh Prezidenti muhri tushirilgan minbar ortida nutq so‘zlamoqda, orqada tinglovchilar
Jon Kennedi Rays universiteti stadionida, Xyuston, 1962-yil 12-sentabr. Surat: NASA / Wikimedia Commons, Public domain

«Dunyoni o‘zgartirgan nutqlar» turkumi haqida

HBR.uz bu turkumda tarix yo‘nalishini o‘zgartirgan nutqlarni o‘zbek tilida e’lon qiladi. Har bir maqolada nutq qanday sharoitda aytilgani, nutq matni va bugungi rahbar uchun saboqlar bor.

Turkumni Jon Kennedining Rays universitetidagi nutqi bilan boshlayapmiz, chunki u katta maqsadni e’lon qilishning eng yaxshi namunalaridan biri. Kennedi tinglovchilarga faqat orzu bermagan. U maqsadni, muddatni va narxni ochiq aytgan, keyin odamlarni shu qiyin yo‘lni o‘zlari tanlashga chorlagan.

Nutq qanday sharoitda aytilgan?

Jon Kennedi minbarda qo‘lini ko‘tarib tinglovchilarni qutlamoqda, orqada Rays universiteti stadioni
Kennedi nutq oldidan tinglovchilarni qutlamoqda, Rays universiteti stadioni, 1962-yil 12-sentabr. Surat: NASA / Wikimedia Commons, Public domain

1957-yilda Sovet Ittifoqi Yerning birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirgan. 1961-yil 12-aprelda Yuriy Gagarin koinotga uchgan birinchi inson bo‘lgan. Amerikaliklar bu ikki voqeani mamlakatning texnologik yetakchiligiga tashlangan chaqiriq deb qabul qilgan.

1961-yil 25-mayda Kennedi Kongressga murojaat qilib, o‘n yillik tugashidan oldin odamni Oyga qo‘ndirib, uni Yerga eson-omon qaytarishni taklif qilgan. NASA tarixchilari yozishicha, bu murojaatdan uch haftadan kamroq vaqt oldin Alan Shepard 15 daqiqalik suborbital (orbitaga chiqmaydigan) parvoz qilgan edi. Ya’ni maqsad e’lon qilinganda amerikaliklar koinotda bor-yo‘g‘i 15 daqiqa bo‘lgan edi.

Kongress mablag‘ ajratgan, ammo jamiyatga bu ulkan xarajat nega kerakligini tushuntirish lozim edi. 1962-yil 12-sentabrda Kennedi Xyustondagi Rays universiteti stadionida, NASA ma’lumotiga ko‘ra, 40 mingga yaqin tinglovchi oldida so‘zlagan. Xyuston tanlangani bejiz emas: shaharda NASAning Boshqariladigan kosmik kemalar markazi qurilayotgan edi. Nutqdan bir kun oldin Kennedi koinot dasturining boshqa inshootlarini ko‘zdan kechirgan va nutqda shu tashrif haqida ham gapirgan.

Kun juda issiq bo‘lgan, Prezident bu haqda bir necha bor hazil qilgan. Nutqdagi «Nega Rays Texas jamoasiga qarshi o‘ynaydi?» degan savol ham mahalliy hazil edi: u Rays universiteti futbol jamoasi bilan Texas universitetining kuchli jamoasi o‘rtasidagi an’anaviy raqobatga ishora qiladi. Shu bitta savol bilan Kennedi jiddiy mavzuni tinglovchilarga tanish misolga bog‘lagan.

Rays universitetining xotiralar to‘plamida nutq taxminan 20 daqiqa davom etgani aytiladi. Tarjima uchun Jon Kennedi prezidentlik kutubxonasi e’lon qilgan matn olindi: unda nutq qanday aytilgan bo‘lsa, shunday yozilgan. Olqishlar sababli Kennedi to‘xtagan joylar kvadrat qavsda belgilangan. Amerika o‘lchov birliklarining metrik qiymati ham kvadrat qavsda berilgan.

Nutqning to‘liq matni (o‘zbek tilida)

Prezident Pitser, janob vitse-prezident, gubernator, kongressmen Tomas, senator Uayli va kongressmen Miller, janob Uebb, janob Bell, olimlar, aziz mehmonlar, xonimlar va janoblar!

Prezidentingiz meni faxriy professor etib tayinlagani uchun minnatdorman. Sizni ishontirib aytamanki, birinchi ma’ruzam juda qisqa bo‘ladi.

Bu yerga kelganimdan xursandman, ayniqsa, shunday kunda kelganimdan juda xursandman.

Biz bilimi bilan tanilgan oliygohda, taraqqiyoti bilan tanilgan shaharda, qudrati bilan tanilgan shtatda yig‘ildik. Bizga bu uchalasi ham kerak. Chunki biz o‘zgarish va sinovlar soatida, umid va qo‘rquv o‘n yilligida, ham bilim, ham jaholat asrida yig‘ilyapmiz. Bilimimiz qanchalik ortsa, jaholatimiz ham shunchalik oshkor bo‘ladi.

Insoniyat tarixida yashagan olimlarning aksariyati hozir hayot va ishlab yuribdi. Mamlakatimizdagi ilmiy kadrlar har 12 yilda ikki baravar ko‘paymoqda. Bu aholimiz o‘sishidan uch baravardan ham tezroq. Shunga qaramay, noma’lum, javobsiz va tugallanmagan narsalarning ulkan kengliklari hamon umumiy tushunchamizdan ancha keng.

Qanchalik uzoq yo‘lni qanchalik tez bosib o‘tganimizni hech kim to‘liq anglay olmaydi. Ammo, xohlasangiz, insoniyatning yozma tarixidagi 50 ming yilni bor-yo‘g‘i yarim asrga sig‘dirib ko‘raylik. Shu o‘lchovda biz birinchi 40 yil haqida juda kam narsa bilamiz. Faqat shu davr oxiridagina rivojlangan inson hayvon terisiga o‘ranishni o‘rgangan. Keyin, shu hisobda, taxminan 10 yil oldin inson g‘orlardan chiqib, boshqa boshpanalar qura boshlagan. Atigi besh yil oldin u yozishni va g‘ildirakli aravadan foydalanishni o‘rgangan. Xristianlik ikki yildan kamroq vaqt oldin paydo bo‘lgan. Bosmaxona shu yili paydo bo‘ldi. Ikki oydan kamroq vaqt oldin bug‘ mashinasi insonga yangi quvvat manbaini berdi. Nyuton tortishish kuchining mohiyatini o‘rgandi. O‘tgan oy elektr chiroq, telefon, avtomobil va samolyot paydo bo‘ldi. Faqat o‘tgan haftada biz penitsillin, televideniye va yadro energiyasini yaratdik. Endi Amerikaning yangi kosmik kemasi Veneraga yetib borsa, biz bugun yarim tunga qadar tom ma’noda yulduzlarga yetgan bo‘lamiz.

Bu hayratlanarli sur’at. Bunday sur’at eski dardlarni yo‘q qilgan sari yangi dardlarni, yangi jaholatni, yangi muammolar va yangi xavflarni tug‘dirmay qolmaydi. Albatta, ochilayotgan koinot kengliklari katta mukofot bilan birga katta xarajat va mashaqqatni ham va’da qiladi.

Shuning uchun ba’zilar bizni turgan joyimizda yana biroz qolishga, dam olishga, kutishga undayotgani ajablanarli emas. Ammo bu Xyuston shahrini, bu Texas shtatini, bu Amerika Qo‘shma Shtatlarini kutganlar, dam olganlar va ortga qarashni istaganlar qurmagan. Bu mamlakatni oldinga intilganlar zabt etgan, koinotni ham ular zabt etadi.

Uilyam Bredford 1630-yilda Plimut koloniyasining tashkil topishi haqida gapirib, shunday degan: barcha buyuk va sharafli ishlar katta qiyinchiliklar bilan birga keladi, ularni munosib jasorat bilan boshlash va yengish kerak.

Taraqqiyotimizning bu qisqa tarixi bizga biror narsa o‘rgatsa, bu shuki: bilim va taraqqiyot sari intilgan inson qat’iyatli, uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Biz qo‘shilamizmi yoki yo‘qmi, koinotni o‘rganish davom etadi. Bu barcha zamonlarning eng buyuk sarguzashtlaridan biri. Boshqa xalqlarga yetakchilik qilishni istagan hech bir millat koinot poygasida ortda qola olmaydi.

Bizdan oldingilar bu mamlakat sanoat inqilobining birinchi to‘lqinlarida, zamonaviy ixtirolarning birinchi to‘lqinlarida va yadro energiyasining birinchi to‘lqinida suzishini ta’minlagan. Bizning avlodimiz esa kelayotgan koinot asrining izida qolib, cho‘kib ketish niyatida emas. Biz uning bir qismi bo‘lmoqchimiz, biz unga yetakchilik qilmoqchimiz. Chunki dunyoning ko‘zi endi koinotga, Oyga va undan narigi sayyoralarga qaramoqda. Biz koinotda bosqinchilarning yov bayrog‘i emas, ozodlik va tinchlik bayrog‘i hukmron bo‘lishiga ahd qilganmiz. Biz koinot ommaviy qirg‘in qurollari bilan emas, bilim va tushunish asboblari bilan to‘lishiga ahd qilganmiz.

Ammo bu millatning ahdlari faqat biz birinchi bo‘lsakkina bajariladi. Shuning uchun biz birinchi bo‘lishni niyat qilganmiz. Qisqasi, fan va sanoatdagi yetakchiligimiz, tinchlik va xavfsizlikka umidlarimiz, o‘zimiz va boshqalar oldidagi burchimiz bizdan shu sa’y-harakatni talab qiladi. Bu sirlarni yechishni, ularni butun insoniyat manfaati uchun yechishni va dunyoning yetakchi koinot davlatiga aylanishni talab qiladi.

Biz bu yangi dengizga suzib chiqyapmiz, chunki u yerda egallash kerak bo‘lgan yangi bilim va qo‘lga kiritish kerak bo‘lgan yangi huquqlar bor. Ularni qo‘lga kiritib, barcha xalqlar taraqqiyoti uchun ishlatish kerak. Zero, yadro ilmi va boshqa texnologiyalar kabi koinot ilmining ham o‘z vijdoni yo‘q. U yaxshilik kuchiga aylanadimi yoki yomonlik kuchigami, bu insonga bog‘liq. Bu yangi okean tinchlik dengiziga aylanadimi yoki urushning yangi dahshatli maydonigami? Buni hal qilishga faqat Qo‘shma Shtatlar yetakchi o‘rinda bo‘lsagina yordam bera olamiz. Koinotdan dushmanlarcha foydalanishga qarshi himoyasiz qolamiz, demayman: quruqlik va dengizda ham himoyasiz emasmiz. Ammo shuni aytaman: koinotni urush olovini yoqmasdan o‘rganish va egallash mumkin. Inson Yer shari bo‘ylab o‘z hukmini yoyishda qilgan xatolarni takrorlamasdan egallash mumkin.

Koinotda hozircha nizo ham, xurofot ham, millatlararo mojaro ham yo‘q. Uning xavflari barchamiz uchun birday dushman. Uni zabt etish butun insoniyatning eng yaxshi kuchlariga loyiq. Tinch hamkorlik uchun bunday imkoniyat boshqa hech qachon takrorlanmasligi mumkin. Ammo ba’zilar so‘raydi: nega aynan Oy? Nega maqsad qilib aynan uni tanlaymiz? Unda ular shunday ham so‘rashi mumkin: nega eng baland tog‘ga chiqish kerak? Nega 35 yil oldin Atlantika okeani ustidan uchib o‘tish kerak edi? Nega Rays Texas jamoasiga qarshi o‘ynaydi?

Biz Oyga uchishni tanlaymiz. Biz Oyga uchishni tanlaymiz... [olqishlar] Biz shu o‘n yillikda Oyga uchishni va boshqa ishlarni qilishni tanlaymiz. Ular oson bo‘lgani uchun emas, qiyin bo‘lgani uchun tanlaymiz. Chunki bu maqsad kuch va mahoratimizning eng yaxshisini jamlashga va sinashga xizmat qiladi. Chunki bu sinovni biz qabul qilishga tayyormiz, uni ortga surishni istamaymiz va unda g‘alaba qozonish niyatidamiz, boshqa sinovlarda ham.

Aynan shu sabablarga ko‘ra o‘tgan yili koinotdagi sa’y-harakatlarimizni sekin sur’atdan yuqori sur’atga o‘tkazishga qaror qildik. Buni Prezidentlik davrimdagi eng muhim qarorlardan biri deb bilaman.

So‘nggi 24 soatda biz inson tarixidagi eng buyuk va eng murakkab tadqiqot uchun qurilayotgan inshootlarni ko‘rdik. «Saturn S-1» tashuvchi raketasi sinovida yer silkinganini, havo larzaga kelganini his qildik. Bu raketa Jon Glennni orbitaga chiqargan «Atlas»dan bir necha baravar kuchli. U gaz pedali oxirigacha bosilgan 10 ming avtomobilga teng quvvat beradi. Biz beshta F-1 raketa dvigateli birlashtiriladigan joyni ko‘rdik. Ularning har biri «Saturn»ning sakkizta dvigateli birgalikda beradigan quvvatga teng. Ular takomillashgan «Saturn» raketasini hosil qiladi. Bu raketa Kanaveral burnida quriladigan yangi binoda yig‘iladi. Bino 48 qavatli uydek baland, bir shahar mavzesidek keng va shu maydondan ikki baravar uzun bo‘ladi.

So‘nggi 19 oyda kamida 45 ta sun’iy yo‘ldosh Yer atrofida aylandi. Ularning 40 ga yaqini Amerika Qo‘shma Shtatlarida yasalgan. Ular Sovet Ittifoqi yo‘ldoshlariga qaraganda ancha mukammal bo‘lgan va dunyo xalqlariga ancha ko‘p bilim bergan.

Hozir Venera sari yo‘lda bo‘lgan «Mariner» kosmik apparati... [olqishlar] «Mariner» kosmik apparati koinot ilmi tarixidagi eng murakkab asbob. Bu uchirishning aniqligini Kanaveral burnidan raketa otib, uni shu stadiondagi 40-yardlik chiziqlar orasiga tushirish bilan qiyoslash mumkin.

«Transit» yo‘ldoshlari dengizdagi kemalarimizga xavfsizroq yo‘l tanlashga yordam bermoqda. «Tiros» yo‘ldoshlari bo‘ron va to‘fonlar haqida bizni misli ko‘rilmagan darajada erta ogohlantirdi. Endi ular o‘rmon yong‘inlari va aysberglar haqida ham ogohlantiradi.

Bizning ham muvaffaqiyatsizliklarimiz bo‘lgan. Ammo boshqalarda ham bo‘lgan, garchi ular buni tan olmasa ham. Ehtimol, ularniki kamroq oshkor bo‘lgandir.

To‘g‘ri... [olqishlar] To‘g‘ri, biz koinotga odam uchirishda ortdamiz va hali bir muddat ortda bo‘lamiz. Ammo biz ortda qolish niyatida emasmiz. Shu o‘n yillikda biz ortdan yetib olamiz va oldinga chiqamiz.

Fan va ta’limimiz koinot va atrof-muhit haqidagi yangi bilimlar bilan boyiydi. O‘qitish, xaritalash va kuzatishning yangi usullari, sanoat, tibbiyot, uy va maktab uchun yangi asboblar va kompyuterlar paydo bo‘ladi. Rays kabi texnika oliygohlari bu yutuqlarning hosilini yig‘adi.

Nihoyat, koinot dasturi hali go‘dak bo‘lsa-da, allaqachon ko‘plab yangi kompaniyalar va o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratdi. Koinot va unga yaqin tarmoqlar investitsiya va malakali kadrlarga yangi talab tug‘dirmoqda. Bu shahar, bu shtat va bu mintaqa shu o‘sishdan katta ulush oladi. Bir paytlar G‘arbning eski chegarasidagi eng olis qo‘rg‘on bo‘lgan joy endi fan va koinotning yangi chegarasidagi eng olis qo‘rg‘onga aylanadi. Xyuston... [olqishlar] Sizning Xyuston shahringiz o‘zining Boshqariladigan kosmik kemalar markazi bilan katta ilmiy va muhandislik hamjamiyatining yuragiga aylanadi. Kelgusi 5 yilda Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) bu hududdagi olim va muhandislar sonini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. U ish haqi va boshqa xarajatlarni yiliga 60 million dollarga yetkazmoqchi, zavod va laboratoriyalarga 200 million dollarga yaqin sarmoya kiritmoqchi. 1 milliard dollardan ortiq yangi koinot loyihalarini shu shahardagi shu markaz boshqaradi yoki ularga buyurtma beradi.

To‘g‘ri, bularning barchasi hammamizga ancha qimmatga tushadi. Bu yilgi koinot byudjeti 1961-yil yanvaridagidan uch baravar ko‘p. U oldingi sakkiz yildagi koinot byudjetlari yig‘indisidan ham katta. Bu byudjet hozir yiliga 5 milliard 400 million dollar. Bu ulkan summa, garchi har yili sigaret va sigaraga sarflaganimizdan biroz kam bo‘lsa ham. Koinot xarajatlari tez orada yana oshadi: Qo‘shma Shtatlardagi har bir erkak, ayol va bola uchun haftasiga 40 sentdan 50 sentdan ortiqqa chiqadi. Chunki biz bu dasturga yuqori milliy ustuvorlik berdik. Tushunaman, bu ma’lum ma’noda ishonch va uzoqni ko‘rishga tayangan qadam, chunki bizni qanday foyda kutayotganini hozircha bilmaymiz. Ammo, aziz yurtdoshlarim, men shunday desam-chi: biz Xyustondagi boshqaruv stansiyasidan 240 ming mil [taxminan 386 ming km] uzoqdagi Oyga ulkan raketa yuboramiz. Uning balandligi 300 futdan [90 metrdan] oshadi, ya’ni shu futbol maydonining uzunligicha bo‘ladi. U yangi metall qotishmalaridan yasaladi, ularning ba’zilari hali ixtiro qilinmagan. U hali hech qachon ko‘rilmagan darajadan bir necha baravar yuqori issiqlik va zo‘riqishga bardosh beradi. U eng nozik soatdan ham aniqroq yig‘iladi. U harakat, yo‘nalish, boshqaruv, aloqa, oziq-ovqat va omon qolish uchun zarur barcha jihozlarni olib, noma’lum osmon jismiga hali sinalmagan safarga jo‘naydi. So‘ng biz uni Yerga eson-omon qaytaramiz. U atmosferaga soatiga 25 ming mildan [40 ming km dan] ortiq tezlikda qayta kiradi. Bunda u Quyosh haroratining qariyb yarmiga teng issiqlikka duch keladi, bu deyarli bugun bu yerdagi issiqlik bilan barobar. Bularning hammasini qilamiz, to‘g‘ri qilamiz va bu o‘n yillik tugashidan oldin birinchi bo‘lib qilamiz. Agar men shunday deyotgan bo‘lsam, demak, biz jasur bo‘lishimiz kerak.

Butun ishni men qilyapman, sizdan esa faqat bir daqiqa salqin turishingizni xohlaymiz.

Shunday bo‘lsa-da, biz buni uddalaymiz, deb o‘ylayman. To‘lash kerak bo‘lgan narxni to‘lashimiz kerak, deb o‘ylayman. Pulni behuda sarflamasligimiz kerak, lekin ishni bajarishimiz kerak. Bu ish oltmishinchi yillarda bajariladi. Ehtimol, sizlarning ba’zilaringiz hali shu kollej va universitetda o‘qib yurgan paytda bajariladi. Bu ish shu minbarda o‘tirganlarning ba’zilari lavozimda turgan davrda bajariladi. Lekin u albatta bajariladi. U shu o‘n yillik tugashidan oldin bajariladi.

Insonni Oyga yuborish Amerika Qo‘shma Shtatlarining buyuk milliy ishi. Bu universitet ham unga o‘z hissasini qo‘shayotganidan xursandman.

Buyuk britaniyalik tadqiqotchi Jorj Mellori keyinchalik Everestda halok bo‘lgan. Ko‘p yillar oldin undan nega bu tog‘ga chiqmoqchi ekanini so‘rashgan. U: «Chunki u bor», deb javob bergan.

Xo‘sh, koinot bor va biz unga ko‘tarilamiz. Oy va sayyoralar bor, bilim va tinchlikka yangi umidlar bor. Shuning uchun yo‘lga chiqar ekanmiz, inson kirishgan eng xatarli, eng xavfli va eng buyuk sarguzasht uchun Xudodan baraka so‘raymiz.

Rahmat.

Jon Kennedi, 1962-yil 12-sentabr, Rays universiteti stadioni, Xyuston (Texas). Ingliz tilidan HBR.uz tarjimasi.

Nutq dunyoda nimani o‘zgartirdi?

Skafandr kiygan astronavt Bazz Oldrin Oy yuzasida turibdi, oyog‘i ostida izlar
«Apollon-11» astronavti Bazz Oldrin Oy yuzasida, 1969-yil iyul. Surat: Nil Armstrong / NASA, Wikimedia Commons, Public domain

Maqsad muddat bilan e’lon qilindi va bajarildi. Kennedi «o‘n yillik tugashidan oldin» degan muddatni bir necha bor takrorlagan. Bu muddat butun dasturning o‘lchoviga aylangan. NASA ma’lumotiga ko‘ra, eng qizg‘in davrda bu ishda bir vaqtning o‘zida 400 ming amerikalik band bo‘lgan. 1969-yil 20-iyulda «Apollon-11» kemasi Oyga qo‘ngan. Kennedining o‘zi bu kunni ko‘ra olmagan: u 1963-yil noyabrda suiqasd qurboni bo‘lgan.

Koinot dasturi iqtisodiyotga aylandi. Kennedi nutqda koinotni faqat sharaf masalasi sifatida emas, yangi kompaniyalar, ish o‘rinlari va bilim manbai sifatida tushuntirgan. Xyustondagi markaz keyinchalik Lindon Jonson nomidagi Kosmik markaz bo‘ldi, shahar esa haqiqatan muhim ilmiy va muhandislik markaziga aylandi.

«Oyga uchish» katta maqsadning ramziga aylandi. Ingliz tilidagi «moonshot» so‘zi bugun juda katta, xavfli, lekin jasur loyihalarni anglatadi. Kompaniyalar va hukumatlar o‘z strategik maqsadlarini tushuntirishda bu nutqni hanuz tez-tez eslaydi.

Bugungi rahbar uchun 4 ta saboq

1. Maqsadni o‘lchanadigan qiling va muddat qo‘ying. «Koinotda yetakchi bo‘lamiz» degan gap hech kimni ishga solmaydi. «O‘n yil ichida odamni Oyga yuborib, uni qaytaramiz» degan gap esa har bir muhandisga nima qilish kerakligini aytadi. Kompaniyangiz maqsadlarini shunday aniq shaklga keltirish uchun OKR (maqsad va asosiy natijalar) tizimi haqidagi maqolamiz yordam beradi.

2. Qiyinchilik va narxni yashirmang. Kennedi byudjetni dollarigacha aytgan va har bir fuqaroga haftasiga necha sent tushishini hisoblab bergan. U «bizning ham muvaffaqiyatsizliklarimiz bo‘lgan» deb tan olgan. Ochiq gapirgan rahbarga jamoa ko‘proq ishonadi. Bu haqda rahbar xatoni qanday tan olishi haqidagi maqolamizda batafsil yozganmiz.

3. Katta maqsadni tinglovchining hayotiga bog‘lang. Kennedi Xyuston uchun yangi ish o‘rinlari va investitsiyalar haqida gapirgan, Rays talabalariga esa bu ish ular o‘qib yurgan paytda bajarilishi mumkinligini aytgan. Misol: Samarqanddagi ishlab chiqarish korxonasi rahbari eksport rejasini e’lon qilganda, uning hudud uchun yangi ish o‘rinlari va xodimlarning malakasi oshishi uchun nimani anglatishini ham tushuntirsa, reja odamlarga yaqinroq bo‘ladi.

4. Qiyinlikni sababga aylantiring. Kennedi qiyinchilikdan qochmagan, aksincha, uni maqsadning qadri sifatida ko‘rsatgan: «oson bo‘lgani uchun emas, qiyin bo‘lgani uchun». Kuchli jamoa uchun oson vazifa ilhom bermaydi. Rahbar loyihaning murakkabligini ochiq aytib, uni jamoaning mahoratini ko‘rsatish imkoniyati deb tushuntirsa, odamlar bu sinovni o‘zlari tanlaganini his qiladi. Nutqdagi «biz tanlaymiz» degan so‘zlarga e’tibor bering: Kennedi «biz majburmiz» demagan. Majburiyat charchatadi, tanlov esa mas’uliyat tug‘diradi.

Xulosa

Kennedining Rays universitetidagi nutqi qiyin maqsadni qanday e’lon qilish kerakligini ko‘rsatadi. U maqsadni aniq aytgan, muddat qo‘ygan, narxni yashirmagan va odamlarga bu yo‘lni o‘zlari tanlash imkonini bergan. Natijada ulkan ish yetti yilda bajarilgan. Yirik loyihani boshlayotgan bo‘lsangiz, jamoa bilan birinchi suhbatdayoq aniq manzil va muddatni ayting, bu yo‘l nega qiyinligini ham yashirmang.

Telegram kanal

Yangi tahlillar birinchi Telegram kanalimizda chiqadi

Maqolalar, qisqa yangiliklar va kechki dayjest — hammasi bitta kanalda.

Kanalga qo‘shilish@hbr_uzbekistan