Afg‘oniston bozori: o‘zbek biznesi nimaga pul tikmoqda va qanday imkoniyatlar ochilmoqda?
Afg‘oniston O‘zbekistonning eng tez o‘sayotgan savdo hamkorlaridan biriga aylandi: 2026-yilning yanvar–avgust oylarida savdo hajmi 1,42 milliard dollarga yetib, 40,9 foizga o‘sdi. O‘zbekiston bu bozorning asosiy ta’minotchilaridan biriga aylanib, energetika, logistika va tranzit loyihalarini ham ilgari surmoqda. Afg‘on iqtisodiyoti qanday holatda va o‘zbek biznesi nimaga pul tikmoqda?

Afg‘on iqtisodiyoti bugun qanday holatda?
Afg‘oniston iqtisodiyoti 2021-yildagi hokimiyat almashinuvidan keyingi ikki yilda qariyb chorak qismga qisqargan edi. Hozir u yana o‘smoqda, ammo qanchalik o‘sayotgani bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning raqamlari bir-biridan keskin farq qiladi.
Jahon banki 2026-yil may oyidagi hisobotida 2025-yilgi o‘sishni 4,8 foiz deb baholadi. Biroq Eron va Pokistondan millionlab afg‘onlar qaytgani sababli aholi qariyb 11 foizga ko‘paydi, shuning uchun aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM) 5,6 foizga kamaygan. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) esa sentabrdagi prognozida ancha past raqamlarni beradi: uning baholashicha, so‘nggi moliya yillarida o‘sish 1,5–1,9 foiz atrofida bo‘lgan. Farqning bir sababi shundaki, tashkilotlar turli davrlarni hisoblaydi: Afg‘oniston moliya yili martdan martgacha davom etadi.
Iqtisodiyot kichik: turli hisob-kitoblarga ko‘ra, afg‘on YaIMi taxminan 19–23 milliard dollar, ya’ni O‘zbekiston iqtisodiyotidan bir necha baravar kichik. Narxlar bir necha yil pasayganidan keyin inflyatsiya qaytdi. Jahon bankining iyul oyidagi iqtisodiy monitoringiga ko‘ra, 2026-yil iyulida narxlar bir yil oldingiga nisbatan 7,5 foiz oshgan. Sog‘liqni saqlash xizmatlari, uy-joy hamda non va don mahsulotlari boshqalaridan tezroq qimmatlagan.
Mamlakat asosan import hisobiga yashaydi. Jahon bankining o‘sha monitoringiga ko‘ra, birgina 2026-yil iyul oyida Afg‘oniston 1,04 milliard dollarlik tovar import qilgan, eksporti esa atigi 83 million dollar bo‘lgan. Bu yillik emas, bir oylik ko‘rsatkichlar. Joriy moliya yilida afg‘on eksportining 62 foizi oziq-ovqat mahsulotlari.
Xalqaro yordam qisqarmoqda: Jahon bankiga ko‘ra, tashqi grantlar kamaygani infratuzilmaga investitsiyalarni va iqtisodiy zarbalarga javob berish imkoniyatini cheklagan. Afg‘oniston markaziy bankining qariyb 7 milliard dollarlik zaxiralari AQShda muzlatilgan. Ularning yarmi 2022-yilda Shveysariyadagi maxsus fondga o‘tkazilgan, ammo ma’lumotlarga ko‘ra, bu mablag‘lar hali afg‘on iqtisodiyotiga yo‘naltirilmagan.
Kobul iqtisodiy siyosati: konlar va «o‘z kuchiga tayanish»
Afg‘onistonning amaldagi hukumati (Tolibon harakati) xalqaro yordam o‘rniga tabiiy resurslar va tranzitdan daromad olishga, ya’ni o‘z kuchiga tayanishga urg‘u bermoqda. 2025-yil iyulida Rossiya uni rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi. Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va O‘zbekiston kabi davlatlar esa rasmiy tan olmasdan amaliy aloqa yo‘lga qo‘ygan.
Kon sanoatida shartnomalar ko‘p, natija kam. Afg‘oniston kon vazirligi 2025-yil iyulida so‘nggi to‘rt yilda umumiy qiymati 250 million dollardan ortiq bo‘lgan 203 ta shartnoma imzolanganini ma’lum qildi. Eng mashhur loyiha — Logar viloyatidagi Mes Aynak mis koni. U bo‘yicha Xitoy konsorsiumi bilan shartnoma 2008-yilda imzolangan, ammo hozirgacha u yerdan mis qazib olinmagan. Amudaryo havzasidagi neft bo‘yicha Xitoyning CAPEIC kompaniyasi bilan 2023-yilda tuzilgan 25 yillik shartnoma esa 2025-yil iyunida bekor qilindi.
2026-yil sentabrida Saudiya Arabistonining Delta Energy kompaniyasi Hirot viloyatidagi Kushk va Tirpul hududida neft va gaz qidiruvi hamda gaz quvuri loyihasini o‘rganish bo‘yicha bir qator shartnomalar imzoladi. Matbuotda dastlabki sarmoya 200 million dollar deb baholangan. Kompaniya keyinchalik o‘n milliardlab dollar kiritish mumkinligini aytmoqda, biroq bu raqamlar shartli: hammasi qidiruv natijalariga bog‘liq.
Ko‘knor ekishning taqiqlanishi qishloq iqtisodiyotiga og‘ir ta’sir qildi. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasiga (UNODC) ko‘ra, 2025-yilda ko‘knor maydoni 10 200 gektarga tushgan (2022-yilda 232 ming gektar edi), dehqonlarning bu ekindan daromadi esa bir yilda 48 foizga kamaygan. Muqobil daromad manbalari hali shakllanmagan.
«Trillion dollarlik boylik»: bu raqam qayerdan chiqqan?
Afg‘oniston yer osti boyliklari haqida gap ketganda ko‘pincha «1–3 trillion dollar» degan raqam aytiladi. Uning manbai AQSh Geologiya xizmati va Pentagonning maxsus guruhi 2010-yilda e’lon qilgan tadqiqot. O‘shanda o‘zlashtirilmagan konlar qiymati o‘sha davr narxlarida qariyb 1 trillion dollar deb baholangan, o‘sha paytdagi Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay esa bu raqam 3 trillion dollargacha yetishi mumkinligini aytgan.
Bu raqam yer ostidagi zaxiralarning taxminiy umumiy qiymatini bildiradi, qazib olishdan keladigan foydani emas. Asosiy geologik ma’lumotlarning katta qismi sovet davrida to‘plangan. Yo‘l, elektr va xavfsizlik bo‘lmagan joyda bu boylikni pulga aylantirish uchun o‘n yillar va katta kapital kerak.
Toshkent siyosati: «yakkalab qo‘ymaslik»
O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha yondashuvi 2021-yildan beri o‘zgarmagan. Prezident Mirziyoyev 2021-yil sentabrida BMT Bosh Assambleyasida Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi deb atab, uni muammolar girdobida yolg‘iz qoldirib bo‘lmasligini aytgan.
2022-yil iyulida Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiyaga yo‘llagan murojaatida Prezident Mirziyoyev bu yondashuvni aniqroq ifodalagan:
- Afg‘onistonni xalqaro miqyosda yakkalash gumanitar ahvolni yanada og‘irlashtiradi;
- umumiy ustuvor vazifa afg‘on iqtisodiyotini tiklash bo‘lishi kerak;
- davlat boshqaruvida jamiyatning barcha qatlamlari ishtirok etishi, ayollar va barcha etnik guruhlarning asosiy huquqlari ta’minlanishi zarur;
- Kobul xalqaro terror guruhlari bilan aloqani uzishi lozim.
Keyingi yillarda bu chiziq davom etdi. 2023-yil sentabrida Prezident Mirziyoyev Afg‘onistonni yana o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish jiddiy xato bo‘lishini ta’kidlab, muzlatilgan afg‘on aktivlaridan foydalanish mexanizmini taklif qildi. 2025-yilda esa O‘zbekistonning Afg‘oniston siyosati doim amaliy va uzoq muddatga yo‘naltirilganini aytdi.
Tan olish masalasida Toshkent muvozanatli yo‘l tutmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev 2022-yilda O‘zbekiston amaldagi hukumatni bir o‘zi tan olmasligini, bu masala xalqaro hamjamiyat bilan birga hal etilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobuldagi hukumat qabul qilinishi kerak bo‘lgan voqelik, ikki xalqni esa umumiy chegara, tarix va madaniyat bog‘laydi.
Amalda esa aloqalar chuqurlashdi. 2024-yil fevralida Toshkentdagi Afg‘oniston elchixonasi amaldagi hukumat tayinlagan diplomatlarga o‘tdi. Avgustda Bosh vazir Abdulla Aripov Kobulga tashrif buyurdi: bu 2021-yildan beri Afg‘onistonga xorijiy davlat vakilining eng yuqori darajadagi tashrifi edi. Oktabrda esa Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yangi elchining ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qildi.
Bu siyosat ortida uchta manfaat turadi:
- Xavfsizlik: barqaror qo‘shni chegaradagi tahdidlarni kamaytiradi.
- Tranzit: Afg‘oniston O‘zbekistonning Hind okeani portlariga eng qisqa yo‘li.
- Bozor: 40 milliondan ortiq aholili, sanoati zaif va importga bog‘liq mamlakat.
Savdo: O‘zbekiston asosiy ta’minotchiga aylanmoqda
Raqamlar O‘zbekiston foydasiga. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning ma’lumotiga ko‘ra, ikki mamlakat savdosi 2021-yildagi 653 million dollardan 2025-yilda 1,68 milliard dollarga yetgan, shundan 1,5 milliard dollari o‘zbek eksporti. 2026-yilning yanvar–avgust oylarida savdo 1,42 milliard dollar bo‘ldi. Shu bilan Afg‘oniston Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin O‘zbekistonning beshinchi yirik savdo hamkoriga aylandi. Yangi maqsad — yillik savdoni 5 milliard dollarga yetkazish.
Savdoning qariyb 90 foizini O‘zbekistondan Afg‘onistonga yuborilayotgan tovarlar tashkil etadi, ya’ni bu bozorda o‘zbek mahsuloti mustahkam o‘rin egallagan. Afg‘oniston O‘zbekistonga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan quruq meva va paxta sotadi. Toshkent afg‘on paxtasi va go‘shti xaridini ko‘paytirib, savdoni yanada muvozanatli qilishga intilmoqda.
O‘zbekistonning Afg‘oniston bozoridagi o‘rni Pokiston bilan mojaro tufayli kuchaydi. 2025-yil oktabridan beri Afg‘oniston–Pokiston chegarasidagi asosiy o‘tish joylari yopiq, ikki mamlakat savdosi 2,46 milliard dollardan 1,77 milliard dollarga qisqardi. Jahon bankiga ko‘ra, 2026-yilning mart–iyul oylarida Afg‘oniston importining 54 foizi Eron orqali, 42 foizi Markaziy Osiyo orqali kelgan, Pokistonning ulushi esa deyarli nolga tushgan.
O‘zbek biznesi nimaga pul tikmoqda?
Un va oziq-ovqat
Bu eng katta va eng real yo‘nalish. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilda qariyb 1,6 million tonna un eksport qilgan va uning 1,59 million tonnasi Afg‘onistonga ketgan. Sxema oddiy: asosan Qozog‘istondan keltirilgan bug‘doy O‘zbekistonda un qilinadi va janubga sotiladi.
Keyingi vazifa — bu yutuqni mustahkamlash: Afg‘onistonga qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq yetkazib berish va un eksportini boshqa bozorlarga ham kengaytirish. Qozog‘iston bilan raqobat saqlanib qolar ekan, yaqin logistika va qulay narx o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining asosiy ustunligi bo‘lib qoladi.
Elektr energiyasi
O‘zbekiston Afg‘onistonga 2002-yildan beri elektr sotadi, tegishli kelishuvlar har yili yangilanadi. Masalan, 2023-yilda Afg‘onistonga 1,82 milliard kilovatt-soat elektr yetkazib berilib, 91 million dollar daromad olingan.
Asosiy loyiha — 500 kilovoltli Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uning narxi 222 million dollar va xarajatni to‘liq afg‘on tomoni qoplaydi. Shundan 140 million dollari o‘zbek kompaniyalarining xizmat va mahsulotlari uchun to‘lanadi. Vazirlik eksport faqat ichki talab to‘liq qondirilgandan keyin bo‘lishini ham ta’kidlagan.
Oktabr o‘rtasida Toshkentda o‘tgan muzokaralarda tomonlar loyihani tezlashtirishga kelishib oldi. Moliyalash, to‘lovlar hamda texnik va tijorat hujjatlarini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi, kechikishlarni qoplash uchun aniq ish rejasi tuzish kelishildi.
Logistika va Termiz
Termizdagi xalqaro savdo markazi O‘zbekistonning afg‘on xaridoriga eng yaqin do‘koniga aylandi. Afg‘onlar u yerga vizasiz 15 kungacha kira oladi. 2025-yilda markazga 800 mingdan ortiq afg‘on kelgan, markaz orqali eksport 320 million dollar bo‘lgan. Prezident Mirziyoyev 2026-yil fevralida markaz bo‘yicha bir nechta vazifa qo‘ydi:
- markaz maydonini 1 000 gektargacha kengaytirish;
- u yerdagi savdoni eksport deb hisoblab, unga qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) nol stavkasini qo‘llash, ya’ni bu savdodan QQS undirmaslik;
- eksportni 2026-yilda 600 million, 2027-yilda 1 milliard dollarga yetkazish.
May oyidagi holat bo‘yicha:
- markazdagi «Jahon bozori» savdo bo‘limida 430 dan ortiq do‘kondan 255 tasi ishlayapti, shundan 192 tasini afg‘on tadbirkorlari ijaraga olgan;
- bir xaridor uchun xarid chegarasi 1-apreldan 300 dollardan 1 000 dollarga oshirilgan;
- markazda 1 300 dan ortiq kishi ishlaydi, ular orasida afg‘on fuqarolari ham bor.
Temir yo‘lda ham o‘zbek kompaniyasi ishlayapti. «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning sho‘ba korxonasi «Sogdiana Trans» Hayraton–Mozori Sharif temir yo‘lini boshqarish shartnomasini 2025-yil aprelida 2026-yil oxirigacha uzaytirgan.
Gaz va geologiya
Eng yirik xomashyo loyihasi Jo‘zjon va Foryob viloyatlaridagi To‘ti Maydon gaz koni. 2025-yil sentabrida o‘zbek-afg‘on qo‘shma korxonasi «Eriell KAM» bu konni 25 yillik shartnoma asosida o‘zlashtirishni boshladi. 2026-yil sentabrida tomonlar Toshkentda loyihaning texnik va moliyaviy masalalarini muhokama qildi. O‘zbek tomoni loyihani davlat darajasida kuzatib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston davlat geologiya korxonalari tuzgan Uzbek Overseas Geology Company 2026-yil fevralida uchta blokda uglevodorod, temir va mis qidiruvini boshladi. 2026-yil iyulida Kobulda o‘tgan savdo forumida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Hayratonda 50 million dollarlik rux qayta ishlash zavodi qurishga tayyorlik bildirgani xabar qilindi. Bu qadamlar o‘zbek geologlari va sanoatchilari Afg‘onistonning kon sohasiga bosqichma-bosqich kirib borayotganini ko‘rsatadi.
Milliardlik kelishuvlar: navbat ijroga
Afg‘on tomoni 2026-yil iyul oxirida yil boshidan beri O‘zbekiston bilan umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 90 ta savdo kelishuvi va memorandum imzolanganini ma’lum qildi. Aripovning 2024-yildagi tashrifida esa 2,5 milliard dollarlik 35 ta memorandum imzolangan edi.
Bu hujjatlarning ko‘pi memorandum yoki niyat bayonnomasi, ya’ni tomonlarning niyatini qayd etadigan, lekin qat’iy majburiyat yuklamaydigan hujjat. Ular bosqichma-bosqich ijro etiladi, natijasi esa savdo statistikasida yaqqol ko‘rinmoqda: ikki mamlakat savdosi to‘rt yilda qariyb ikki yarim baravar o‘sdi.
Birja savdosi va afg‘on sarmoyasi
To‘lovlarni xavfsiz qilish uchun O‘zbekiston yangi vosita joriy etdi. 2026-yil aprelidan afg‘on xaridorlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi orqali xarid qila boshladi. Xaridor narxning 10 foizini oldindan to‘laydi, qolgan 90 foizi esa tovar afg‘on chegarasiga yetguncha hisobda turadi. Kafolat sifatida afg‘on xususiy banki mablag‘larini beshta o‘zbek bankida saqlaydi.
Sarmoya teskari yo‘nalishda ham kelmoqda: 2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokidagi 740 ta korxona ishlamoqda.
Trans-Afg‘on temir yo‘li qayerga yetdi?
Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar yo‘nalishi O‘zbekistonning eng katta tranzit loyihasi. 2025-yil iyulida Kobulda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston loyihaning texnik-iqtisodiy asoslash hujjatini tayyorlash bo‘yicha ramkaviy bitim imzoladi. Bu hujjat loyihaning texnik jihatdan amalga oshirilishi mumkinligi, narxi va o‘zini oqlashini baholaydi. O‘zbekiston bitimni 2026-yil fevralida tasdiqladi.
Loyiha ko‘lami ham aniqlashib bormoqda. Avval u taxminan 4,6–4,8 milliard dollarga baholangan bo‘lsa, 2026-yil iyunida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev endi bu raqam 7 milliard dollardan oshishi mumkinligini aytdi. Texnik-iqtisodiy asoslash yil oxirigacha tugashi kerak, qurilish esa eng erta 2027-yilning ikkinchi yarmida boshlanishi mumkin. Transport vazirligi avvalroq qurilish kamida besh yil davom etishini aytgan.
Loyihaga xalqaro qiziqish katta: Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, BAA, Qatar va Qozog‘istondan investorlar ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Oktabr boshida O‘zbekiston, Qozog‘iston va BAA Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga boradigan yana bir temir yo‘l yo‘nalishini o‘rganish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu O‘zbekiston ilgari surayotgan janubiy yo‘laklar g‘oyasi Ko‘rfaz kapitalini ham jalb qila boshlaganini ko‘rsatadi.
Loyihaning janubiy qismi Afg‘oniston–Pokiston munosabatlariga bog‘liq: 2025-yil kuzidan beri ikki mamlakat chegarasi yopiq. O‘zbekiston ikki qo‘shnini zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va vazminlikka chaqirib, muammoni muloqot orqali hal qilishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Qanday masalalar hal qilinmoqda?
To‘lov va bank tizimi. Afg‘on banklarining xalqaro bank tizimiga kirishi cheklangan, savdo ko‘p hollarda naqd pul va norasmiy o‘tkazmalar orqali bo‘ladi. O‘zbekiston birja mexanizmi va banklararo hisob-kitoblarni takomillashtirish orqali bu masalani bosqichma-bosqich hal qilmoqda.
Tan olinmaganlik va sanksiyalar. Amaldagi hukumatning ayrim rahbarlari BMT sanksiyalari ro‘yxatida. Bu xalqaro moliya institutlarining yirik loyihalarga kirishini qiyinlashtiradi. O‘zbekistonning muvozanatli yondashuvi esa xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarni saqlagan holda Kobul bilan amaliy hamkorlik qilish imkonini bermoqda.
Yo‘llarga bog‘liqlik. Afg‘on importining yarmidan ko‘pi Eron orqali keladi, Jahon banki esa Yaqin Sharqdagi mojaro afg‘on iqtisodiyoti uchun asosiy tashqi xavflardan biri ekanini qayd etgan. Pokiston yo‘li esa yopiq. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo yo‘li, avvalo O‘zbekiston orqali o‘tadigan yo‘nalishlar, Afg‘oniston uchun eng barqaror tashqi aloqa kanaliga aylanmoqda.
Loyihalar ijrosi. Yirik loyihalar katta mablag‘ va vaqt talab qiladi. Elektr liniyasi bo‘yicha tomonlar ishni tezlashtirishga kelishdi, To‘ti Maydon loyihasi davlat nazoratida, temir yo‘l bo‘yicha esa investorlar bilan muzokaralar davom etmoqda.
Suv. Afg‘oniston Amudaryodan suv oladigan Qo‘shtepa kanalini qurmoqda. Uzunligi qariyb 290 kilometr bo‘lgan kanal 550 ming gektar yerni sug‘orishi va yiliga 6–10 kub kilometr suv olishi rejalashtirilgan. Bu daryo oqimining sezilarli qismi. Afg‘oniston 1992-yilda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida kelishilgan suv taqsimoti bitimida ishtirok etmagan.
O‘zbekiston bu masalani muzokara yo‘li bilan hal qilishni tanlagan. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev afg‘onlarning ham Amudaryodan suv olishga haqqi borligini aytgan. Uning fikricha, ular faqat adolatli ulushni olishi kerak va buni hujjatlar hamda muzokaralar orqali tushuntirish zarur. Prezident Mirziyoyev esa 8-oktabrda Avazada o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari uchrashuvida Afg‘oniston bilan suvdan foydalanish bo‘yicha doimiy va mazmunli muloqot yo‘lga qo‘yilishini taklif qildi.
Keyingi qadamlar
Yaqin oylarda quyidagilarga e’tibor berish kerak:
- Trans-Afg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslash hujjati yil oxirigacha tayyor bo‘ladimi va unda qanday narx ko‘rsatiladi?
- Surxon–Puli-Xumri liniyasi qurilishi qayta tezlashadimi?
- Termiz xalqaro savdo markazi 2026-yilgi 600 million dollarlik eksport maqsadiga erishadimi?
- Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida sulh tuziladimi?
- Qo‘shtepa kanali bo‘yicha qo‘shma muloqot doimiy mexanizmga aylanadimi?
Ko‘p beriladigan savollar
O‘zbekiston Afg‘onistonning amaldagi hukumatini tan olganmi?
Yo‘q. O‘zbekiston rasmiy tan olish masalasini xalqaro hamjamiyat bilan birga hal qilish tarafdori. Shu bilan birga, Toshkentdagi elchixona amaldagi hukumat tayinlagan diplomatlarga topshirilgan va ikki tomon muntazam rasmiy muloqot olib boradi.
O‘zbekiston Afg‘onistonga nima sotadi?
Asosan un, yoqilg‘i, elektr energiyasi, qurilish materiallari va oziq-ovqat. 2025-yilda O‘zbekiston eksport qilgan unning deyarli hammasi Afg‘onistonga ketgan.
Afg‘onistonning «trillion dollarlik» boyligi haqiqatmi?
Bu raqam yer osti zaxiralarining 2010-yil narxlaridagi taxminiy umumiy qiymati. U qazib olish mumkin bo‘lgan foyda emas va asosan eski geologik ma’lumotlarga tayanadi.
Trans-Afg‘on temir yo‘li qachon quriladi?
Hozir loyiha texnik-iqtisodiy asoslash bosqichida. Mutasaddilarga ko‘ra, qurilish eng erta 2027-yilning ikkinchi yarmida boshlanishi mumkin, narxi esa 7 milliard dollardan oshishi mumkin.
Qo‘shtepa kanali O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Kanal to‘liq ishga tushsa, Amudaryodan katta hajmda suv oladi va quyi oqimdagi O‘zbekiston hamda Turkmanistonda suv tanqisligini kuchaytirishi mumkin. Shu sababli O‘zbekiston Afg‘oniston bilan doimiy suv muloqotini taklif qilmoqda.
Yangi tahlillar birinchi Telegram kanalimizda chiqadi
Maqolalar, qisqa yangiliklar va kechki dayjest — hammasi bitta kanalda.



