Yangi o‘zbek alifbosi: biznes va hujjatlar uchun nima o‘zgaradi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr, O‘zbek tili bayrami kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi: to‘rt harf yangi ko‘rinish oladi. Kompaniyalar hujjatlar, peshlavhalar va brendlarni almashtirishi kerakmi?

Qonunda nima yozilgan?
Bu alohida yangi qonun emas: O‘RQ-1184-son qonun 1993-yilda qabul qilingan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritadi. Uni Qonunchilik palatasi 2026-yil 7-iyulda qabul qilgan, Senat 10-sentabrda ma’qullagan, Prezident Mirziyoyev esa 21-oktabrda imzolagan. Qonun o‘sha kuni rasmiy e’lon qilingan va olti oy o‘tib, 2027-yil 22-aprelda kuchga kiradi.
O‘zgarish to‘rtta harfga tegadi:
Hozir | Yangi alifboda |
|---|---|
Oʻ oʻ | Ö ö |
Gʻ gʻ | Ğ ğ |
Sh sh | Ş ş |
Ch ch | Ç ç |
«Ng» harf birikmasi alohida birlik sifatida alifbo tarkibidan chiqariladi, ammo yozuvda saqlanadi. Uni qo‘llash tartibi imlo qoidalarida belgilanadi. Tutuq belgisi (ʼ) o‘z o‘rnida qoladi. Natijada hozirgi 26 harf va 3 harf birikmasi o‘rniga alifbo 28 harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasida taqdim etgan Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning so‘zlariga ko‘ra, islohot «bir tovush — bir harf» tamoyiliga asoslanadi. U alifbo butunlay almashtirilmasligini, faqat to‘rtta muammoli harf takomillashtirilishini ta’kidlagan. Yangi harflar turk, ozarbayjon, turkman va boshqa tillar yozuvlarida ham ishlatiladi.
Nega bu o‘zgarish kerak edi?
Asosiy sabab — amaliy qulaylik. Hozirgi Oʻ va Gʻ harflarini kompyuter va telefonda to‘g‘ri yozish bir necha bosqichni talab qiladi. Senator Odiljon Mamatkarimov Senatda ma’lum qilishicha, buning uchun oltitagacha amal bajarish kerak bo‘ladi, amalda esa bu harflarning 10 dan ortiq turli yozilish varianti uchraydi.
Natijada bir xil so‘z turlicha yoziladi. Bu qidiruv tizimlarida, ma’lumotlar bazalarida, hujjatlarni avtomatik qayta ishlashda va hatto shaxsiy ma’lumotlarni solishtirishda xatolarga olib keladi. Bitta belgi bilan yoziladigan harflar bu muammoni hal qiladi va o‘zbek tilining raqamli muhitdagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Qaysi hujjatlar amalda qoladi?
Qonunning ikkinchi moddasi aniq: harflarning avvalgi shakli bilan berilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar amal qilishda va muomalada davom etadi. Davlat organlarining ramz va atributlari, binolardagi gerb tasvirlari, geografik nomlar yozilgan lavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqsiz holga kelguncha yoki dasturda belgilangan muddatgacha ishlatilaveradi.
Abduhalimov ta’kidlaganidek, mavjud hujjatlar yoki mahsulotlarni muddatidan oldin almashtirish talab etilmaydi. Pasport va ID-karta ham faqat muddati tugaganda yangisiga almashtiriladi.
Bu biznes uchun quyidagini anglatadi:
- Shartnomalar va hujjatlar. Eski alifboda tuzilgan shartnomalar, ustavlar va litsenziyalar o‘z kuchini saqlaydi. Ularni qayta rasmiylashtirish shart emas.
- Firma nomi va tovar belgisi. Qonunda ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talabi yo‘q. Bu borada vakolatli idoralarning rasmiy tushuntirishi hali e’lon qilinmagan.
- Peshlavhalar. Xususiy peshlavhalarni almashtirish uchun qonunda muddat yoki jarima yo‘q. Aniq talablar hukumat dasturida belgilanishi mumkin.
Davlat qanday tayyorlanmoqda?
Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida, ya’ni 2026-yil dekabrining ikkinchi yarmigacha amalga oshirish dasturini tasdiqlashi kerak. 28-oktabr holatiga dastur hali e’lon qilinmagan. Unda vazirliklar, OAV va boshqa sohalar uchun o‘tish muddatlari belgilanadi.
Ta’lim. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyevning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar 2027–2031-yillarda bosqichma-bosqich, birinchi sinfdan boshlab yangi alifboga o‘tkaziladi. Bu darsliklarni qayta nashr qilishning odatiy jadvali doirasida amalga oshadi, shuning uchun qo‘shimcha xarajat talab qilinmaydi.
Raqamli tizimlar. Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Nurilla Abdullayevning Senatda ma’lum qilishicha, davlat axborot tizimlari uchun olti yo‘nalishda ish rejalashtirilgan: yagona texnik standart, ma’lumotlar bazalarini tekshirib eski harflarni avtomatik almashtirish, tizimlar integratsiyasi, elektron hujjat aylanishi, fuqarolar ma’lumotlarini ko‘chirish hamda qidiruv va identifikatsiya.
Klaviatura. O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Maqsud Asadov 23-oktabrda Fanlar akademiyasidagi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, institut, Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi klaviatura tartibi va dasturiy ta’minot ustida ishlamoqda. Mutaxassislar to‘rtta yangi harfni klaviaturaning bo‘sh tugmalariga joylashtirishni taklif qilgan: shunda ular bitta tugma bilan yoziladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayevning aytishicha, qonun kuchga kirgach, rasmiy ish yuritishda, davlat organlari va OAVda yangi alifbodan foydalanish majburiy bo‘ladi. Shaxsiy yozishmalarda esa fuqarolar o‘zlari o‘rgangan alifbodan foydalanishi mumkin.
Kompaniya hozirdan nimaga tayyorlanishi kerak?
Qonun shoshilishni talab qilmaydi, ammo o‘tishni oldindan rejalashtirgan kompaniya xarajatni kamaytiradi:
- Dasturlarni tekshiring. Buxgalteriya tizimlari, CRM, internet do‘kon va mobil ilovalar Ö, Ğ, Ş, Ç harflarini to‘g‘ri saqlashi, qidirishi va saralashi kerak. Bu harflar Unicode standartida bor, shuning uchun zamonaviy dasturlarda muammo kam bo‘ladi. Ma’lumotlar bazasidagi eski yozuvlarni avtomatik almashtirish skripti esa oldindan tayyorlanishi lozim.
- Saytlar va SEO. Mijozlar ma’lum vaqt eski va yangi yozuvda qidiradi. Saytdagi matnlarni yangilashda ikkala variantni ham qidiruv tizimi topishini ta’minlash kerak.
- Brend va reklama. Logotip, qadoq va peshlavhalarni yangilashni tabiiy almashtirish davriga bog‘lang: yangi partiya qadoqlar buyurtma qilinganda yoki peshlavha eskirganda yangi harflar bilan tayyorlang.
- Hujjat shablonlari. Shartnoma, hisob-faktura va ish yuritish shablonlarining yangi variantini qonun kuchga kiradigan 2027-yil 22-aprelgacha tayyorlab qo‘ying.
- Xodimlarni o‘qitish. Xodimlarga yangi harflar va klaviatura tartibi bo‘yicha qisqa yo‘riqnoma bering.
Keyingi qadamlar qanday?
Eng muhim hujjat — Vazirlar Mahkamasining amalga oshirish dasturi. Unda OAV, reklama va peshlavhalar uchun aniq muddatlar belgilanishi mumkin. Yangi imlo qoidalari va rasmiy klaviatura tartibi ham hali tasdiqlanmagan. Dastur e’lon qilingach, biznes uchun aniq talablar ma’lum bo‘ladi.
Alifboni takomillashtirish 1993-yilda boshlangan lotin yozuviga o‘tish jarayonining muhim bosqichi bo‘ladi. Bir harf — bir tovush tamoyili o‘zbek tilini raqamli muhitda qulayroq qiladi, bu esa elektron xizmatlar, qidiruv va sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘zbek tilida yaxshiroq ishlashiga xizmat qiladi.
Yangi tahlillar birinchi Telegram kanalimizda chiqadi
Maqolalar, qisqa yangiliklar va kechki dayjest — hammasi bitta kanalda.



